Afg‘oniston va Pokiston Ramazon hayiti vaqtida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi

Dunyo

Afg‘oniston va Pokiston Ramazon hayiti munosabati bilan vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Saudiya Arabistoni, Turkiya va Qatar vositachiligida Kobul va Islomobod bayram kunlari davomida harbiy harakatlarni to‘xtatishga rozi bo‘ldi.

Ushbu kelishuv so‘nggi keskinlashuvdan keyin muhim diplomatik yutuq sifatida baholanmoqda.

Tinchlik rejimi muddati

Vaqtinchalik sulh payshanbaga o‘tar kechasi kuchga kiradi va seshanbagacha davom etadi. Toshkent vaqti bilan bu davr 20-mart kuni soat 02:00 da boshlanib, besh kundan so‘ng shu vaqtda yakunlanadi.

Pokiston axborot vaziri Attaulla Tarar bu qarorni “ezgu niyat ifodasi” deb atab, u islomiy qadriyatlarga asoslanganini ta’kidladi. Shu bilan birga, u har qanday provokatsiya yoki terrorchilik harakatlari sodir etilsa, harbiy operatsiyalar darhol yana boshlanishini ma’lum qildi.

“Tolibon” harakati vakillari ham hujumlarni to‘xtatishga tayyor ekanini tasdiqladi. Rasmiy bayonotda aytilishicha, bu qaror muqaddas bayramga hurmat hamda vositachi davlatlarning sa’y-harakatlarini e’tirof etish bilan bog‘liq.

Mojaro fonidagi keskinlik

E’lon qilingan sulh so‘nggi kunlardagi keskin voqealar fonida juda nozik hisoblanadi. Avvalroq Afg‘oniston tomoni Pokiston harbiy-havo kuchlarini Kobuldagi narkologik reabilitatsiya markaziga zarba berganlikda ayblab, yuzlab qurbonlar borligini ma’lum qilgan edi.

Pokiston esa bu ayblovlarni rad etib, zarbalar faqat terrorchi guruhlar bazalari va harbiy obyektlarga qaratilganini bildirgan.

Hozircha tomonlar vaziyatni keskinlashtirmaslikka harakat qilmoqda. Bu esa aholiga Ramazon hayitini tinch sharoitda nishonlash imkonini bermoqda. Shu bilan birga, chegaraning har ikki tomonida harbiy kuchlar to‘liq jangovar shay holatda qolmoqda.

Pressa.uz