O‘zbekistonlik hakamlar brigadasi JCH-2026 da ishlaydigan bo‘ldi

Sport

Ilgiz Tantashev boshchiligidagi o‘zbekistonlik hakamlar Shimoliy Amerikada o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘l oladi. Mundial o‘yinlarida ilk bor ham hakamlarimiz, ham milliy terma jamoamiz ishtirok etadi.

Shimoliy Amerikaning uch davlati mezbonlik qiladigan 2026-yilgi jahon chempionatida o‘zbekistonlik mutaxassislar hakamlik qiladi. O‘FA xabariga ko‘ra, FIFA nufuzli turnir o‘yinlarini boshqarish uchun mamlakatimizning uch nafar vakilini tasdiqlagan.

Ilgiz Tantashev mundial uchrashuvlarida bosh hakam sifatida namoyon bo‘ladi. Unga qanotlarda Andrey Tsapenko va Timur Gaynullin ko‘maklashadi. 11-iyundan 19-iyulga qadar davom etadigan musobaqa o‘zbekistonlik hakamlar uchun katta mas’uliyat va xalqaro e’tirof namunasidir.

Ushbu jahon chempionati O‘zbekiston uchun qo‘shaloq bayramga aylanadi. Boisi, hakamlarimiz bilan bir qatorda milliy terma jamoamiz ham o‘z tarixida ilk bor ushbu turnirda qatnashadi. Futbolchilarimiz guruh bosqichida Portugaliya, Kolumbiya va Kongo DR kabi kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushadilar.

Pressa.uz