Vazirlar Mahkamasi texnikumlar huzurida spin-off korxonalarini tashkil etish nizomini tasdiqladi. O‘quvchilar startaplarini amaliyotga joriy etish uchun 1 mlrd so‘mgacha grant ajratiladi.
Texnikumlar huzurida spin-off korxonalarini tashkil etish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-sentabrdagi 524-sonli «Texnikumlar huzurida spin-off korxonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan davlat kasb-hunar ta’limi muassasalari huzurida kichik innovatsion korxonalarni tashkil etish va ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Spin-off korxonalari texnikum o‘quvchilari va pedagoglarining startap loyihalari hamda ishlanmalari asosida yangi mahsulotlar, xizmatlar va texnologiyalarni yaratish, tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
2026-yil yakuniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda kamida bittadan namunaviy spin-off korxonasini ishga tushirish hamda bitiruvchilar bandligini ushbu tuzilmalar orqali ta’minlash choralarini ko‘rish belgilangan.
Arizalarni ko‘rib chiqish va grant ajratish shartlari
Tizimning ishlash tamoyillari va moliyalashtirish tartibi quyidagicha belgilandi:
-
Arizalarni topshirish: korxonani tashkil etish bo‘yicha tashabbuskor sifatida texnikumning o‘zi yoki o‘zaro kelishuv shartnomasi asosida tashqi loyiha mualliflari ishtirok etishi mumkin.
-
Baholash mezonlari: kelib tushgan arizalar Maxsus komissiya tomonidan 100 balli tizim bo‘yicha ko‘rib chiqiladi. Loyihaning innovatsionligi, moliyaviy samaradorligi, eksport salohiyati (15 ballgacha) va ekologik ta’siri (10 ballgacha) baholanadi. Minimal o‘tish bali 71 ball etib belgilandi.
-
Grant ajratish: tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan korxonalarga Kasb-hunar ta’limini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan o‘quvchilarning startap loyihalarini amalga oshirish uchun 1 milliard so‘mgacha grant ajratiladi.
-
Ustav kapitali va ulushlar: texnikumning spin-off korxonasi ustav kapitalidagi ulushi kamida 25 foizni tashkil etishi shart. Ajratilgan grant hisobiga texnikum uskunalar, texnologiyalar va intellektual mulk obyektlarini xarid qilib, ularni korxona ustav kapitaliga ulush sifatida kiritadi.
-
Xususiylashtirishga taqiq: korxonadagi davlat ulushini dastlabki besh yil davomida xususiylashtirish taqiqlanadi.
Tashkil etilgan spin-off korxonalari reyestri «Startup Base» yagona elektron platformasi orqali yuritiladi va ushbu korxonalar har chorakda Agentlikka o‘z faoliyati bo‘yicha hisobot topshirib boradi.




Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q