Qurilish va UYXR vazirligi Toshkentda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflarini 1-noyabrdan oshirish loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Aholi uchun narxlar o‘rtacha 30 foizga qimmatlashishi kutilmoqda.
Aholi uchun taklif etilayotgan yangi narxlar
O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi poytaxtda markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti va issiq suv xizmatlari tariflarini oshirishga oid qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Yangi narxlarni 2026-yil 1-noyabrdan joriy etish taklif qilinmoqda.
Loyiha bo‘yicha, aholi uchun isitish xizmati narxi amaldagi 241,4 so‘mdan isitiladigan maydonning har bir kvadrat metri uchun kuniga 314 so‘mgacha (QQS bilan) oshadi. Hisoblagich mavjud bo‘lganda issiq suv narxi har bir kubometr uchun 8 928,7 so‘mdan 11 607 so‘mgacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Hisoblagichi bo‘lmagan xonadonlar uchun to‘lov bir kishi uchun oyiga 34 868,9 so‘m o‘rniga 45 330 so‘m, yotoqxonalarda yashovchilar uchun esa 33 720 so‘m etib belgilanmoqda.
Issiqlik energiyasi narxi va muhokama muddatlari
Hujjat bilan issiqlik energiyasining bazaviy tarifi 1 Gkal uchun 206 636 so‘mgacha oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu amaldagi ko‘rsatkichdan deyarli 48 foizga yuqoridir. Hujjat tasdiqlangan taqdirda, poytaxt aholisi uchun issiqlik va issiq suv tariflari o‘rtacha 30 foizga qimmatlashadi.
Vazirlik ta’kidlashicha, taklif etilgan tariflar hali yakuniy hisoblanmaydi va tasdiqlanmagan. Loyihaning jamoatchilik muhokamasi joriy yilning 28-oktyabriga qadar davom etadi.




Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q