O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya bosh vaziri Jorja Melonini мамлакат tarixida eng uzoq muddat faoliyat yuritgan hukumat rahbari bo‘lgani bilan tabrikladi.
Tarixiy rekord munosabati bilan qutlov
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni Italiya Vazirlar Kengashi raisi Jorja Meloniga maktub yo‘lladi. Davlat rahbari uni Italiya tarixida ushbu lavozimda eng uzoq muddat faoliyat yuritgan hukumat rahbari sifatida joy olgani bilan samimiy muborakbod etdi.
Prezident maktubida hozirgi murakkab va shiddat bilan o‘zgarayotgan xalqaro sharoitda Italiyaning milliy manfaatlarini qat’iy himoya qilish, mamlakatning Yevropa Ittifoqi hamda jahon maydonidagi obro‘-e’tiborini mustahkamlash borasida Jorja Meloni olib borayotgan sa’y-harakatlarni alohida e’tirof etdi. Shuningdek, unga mustahkam sog‘liq va mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar, do‘st Italiya xalqiga esa farovonlik tiladi.
O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik
Shavkat Mirziyoyev Italiya hukumati rahbariga O‘zbekistonga nisbatan do‘stona munosabati va ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni izchil kengaytirishga qaratayotgan doimiy e’tibori uchun minnatdorlik bildirdi.
Jorja Meloni 2022-yil 22-oktyabrdan buyon Italiya Bosh vaziri lavozimida ishlab kelmoqda va mamlakat tarixidagi birinchi ayol hukumat rahbari hisoblanadi. U 2025-yilning may oyida rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lgan, 2026-yil yanvarida esa Toshkentda Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazib, strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilgan edi.






Izohlar
Hozircha izohlar yo‘q