Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiyaga chiqishni 6 yoki 12 oyga kechiktirgan fuqarolarni rag‘batlantirish loyihasini e’lon qildi. O‘zgarishlar 2028-yildan kuchga kirishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi loyihasi hamda pensiya ustamalari
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya yoshiga yetganidan so‘ng mehnat faoliyatini davom ettiradigan va pensiyani rasmiylashtirishni kechiktiradigan fuqarolarni moddiy rag‘batlantirishga qaratilgan qaror loyihasını jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjat yuqori daromad oladigan hamda ijtimoiy soliq to‘lab kelayotgan shaxslarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda, yangi tartib 2028-yil 1-apreldan e’tiboran kuchga kiradi. Hissob-kitoblarga ko‘ra, pensiyaga chiqishni 6 oyga kechiktirgan yuqori daromadli fuqarolar oyiga 277,2 ming so‘mgacha yoki 8 foizgacha qo‘shimcha to‘lov olishi mumkin. Pensiyaga chiqish 12 oyga kechiktirilganda esa qo‘shimcha to‘lov miqdori oyiga 554,4 ming so‘mgacha yoki 15 foizgacha yetadi.
Inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini oshirish tartibi
Taklif etilayotgan o‘zgarishlar doirasida birinchi marta pensiya tayinlashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilmoqda. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan, ya’ni 504 ming so‘mlik ko‘rsatkichda 6 million 48 ming so‘mdan ortiq bo‘lgan ish haqi hisobga olinmaydi.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyihada ushbu maksimal cheklovni bugungi qiymatda 13 baravarga, ya’ni 6 million 552 ming so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan. Pensiyaga chiqish 6 oyga kechiktirilganda inobatga olinadigan ish haqi cheklovi 14 baravarga yoki 7 million 56 ming so‘mga, 12 oyga kechiktirilganda esa 15 baravarga yoki 7 million 560 ming so‘mga kengaytiriladi.





