Saida Mirziyoyeva Google vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan uchrashib, O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini yo‘lga qo‘yish va raqamli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimizda raqamli texnologiyalar va IT ekotizimini rivojlantirish hamda hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Muzokaralarning markaziy mavzularidan biri sifatida O‘zbekistonda YouTube platformasining rasmiy monetizatsiya tizimini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash hamda raqamli to‘lovlar sohasida qonunchilik sezilarli darajada takomillashtirilgani va bu respublikada xalqaro to‘lov tizimlaridan erkin foydalanish uchun keng yo‘l ochayotgani alohida ta’kidlandi.
Iqtisodiy va texnologik hamkorlikning yangi bosqichi Bugungi kunda O‘zbekiston kontent ijodkorlari uchun YouTube Partner Program rasmiy dasturi mavjud bo‘lmagani sababli mahalliy ijodkorlar reklama daromadlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri olish imkoniga ega emas. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholashlariga ko‘ra, to‘laqonli monetizatsiya yo‘qligi sababli mamlakat iqtisodiyoti va kontent bozori har yili 50 million dollargacha daromad yo‘qotmoqda.
Google bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik doirasida nafaqat monetizatsiya, balki Visa va Mastercard kartalari uchun Google Pay xizmatini ishga tushirish, sun’iy intellekt yo‘nalishida Google Gemini tizimiga o‘zbek tilini chuqur integratsiya qilish va har yili 25 nafar o‘zbekistonlik talabani Google idoralarida stajirovkaga yuborish kabi strategik loyihalar ko‘zda tutilgan.





