O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar-avgust oylarida 222,5 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhi hamda ipoteka kreditlari statistikasi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4 foizga ko‘pdir. Avgust oyining o‘zida qariyb 25,1 mingta shartnoma tuzilib, 2025-yilning avgust oyiga nisbatan 0,2 foizlik mo‘tadil o‘sish qayd etildi. Yil boshidan buyon ko‘chmas mulk bo‘yicha eng yuqori faollik va o‘sish sur’atlari Toshkent shahrida (27,5 foiz), Sirdaryo (25,4 foiz) va Andijon (23,8 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
Avgust oyida respublikaning 14 ta hududidan 6 tasida biimlar soni oshdi, poytaxtda esa bir oyda 7,4 mingta bitim rasmiylashtirilib, o‘tgan yilgiga nisbatan 2,2 foizlik o‘sish ta’minlandi.
Bozordagi mavsumiy tebranishlar hamda ipoteka kreditlarining ta’siri
ITIM mutaxassislarining ta’kidlashicha, joriy yilda ko‘chmas mulk bozoridagi faollik bir necha bosqichni bosib o‘tdi. Eng yuqori ko‘rsatkich mart oyida qayd etilib, bitimlar soni 43,5 mingtaga yetgan edi, shundan so‘ng aprel va may oylarida talabning mavsumiy pasayishi kuzatildi. Iyun va iyul oylarida bozor har oyda 25–26 mingta bitim darajasida barqarorlashdi va avgust oyida ham ushbu dinamika saqlanib qoldi.
Ko‘chmas mulk bozorida xarid qobiliyatini qo‘llab-quvvatlashda bank-moliya tizimining ipoteka dasturlari hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Joriy yilning dastlabki 8 oyida respublika tijorat banklari tomonidan aholiga 18,3 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgani birlamchi va ikkilamchi bozordagi savdo hajmini rag‘batlantirishga xizmat qildi.





