Janubiy Afrika Respublikasida o‘tkazilayotgan Africa Aerospace and Defence (AAD) 2026 xalqaro mudofaa texnologiyalari ko‘rgazmasida O‘zbekiston 1500 km masofaga uchadigan FN-X kamikadze dronini va mudofaa sanoati mahsulotlarini namoyish etdi.
EAS kompaniyasi vakillarining ma’lum qilishicha, «uchuvchi qanot» sxemasi asosida yaratilgan ushbu BUKH mahalliy karbon kompozit materialidan tayyorlangan bo‘lib, u radarlarga ko‘rinish darajasini pasaytiradi. Ichki yonuv dvigateliga ega qurilma soatiga 200 km tezlikka erisha oladi, havoda 6 soatgacha bo‘la oladi va 1500 kilometrgacha bo‘lgan masofaga parvoz qilish imkoniyatiga ega.
Dronning operativ parvoz balandligi 1200 metrni, maksimal balandligi esa 3000 metrni tashkil etadi. Qurilma 30 kg gacha bo‘lgan HE-FRAG yuqori portlovchi-parchalanuvchi jangovar kallagini tashishga mo‘ljallangan. Yo‘nalishni belgilashda GNSS/INS tizimlari hamda radioelektron kurash sharoitida ishlashga mo‘ljallangan sun’iy intellektli avtopilotdan foydalaniladi.
Milliy pavilyon va ko‘rgazma qatnashchilari
16-sentabrdan 20-sentabrgacha davom etadigan AAD 2026 ko‘rgazmasida O‘zbekiston nomi bilan alohida milliy pavilyon tashkil etilib, unda mamlakatning 4 ta yetakchi mudofaa korxonasi ishtirok etmoqda. Innovatsiya texnologiyalari markazi radiatsiyaviy va kimyoviy muhofaza, REK hamda ballistik himoya vositalarini namoyish etib, Kongo DR Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i e’tiborini tortdi.
«Sahro» kompaniyasi «Lochin» brendi ostidagi razvedka va bombardimonchi dronlar modellarini, «Electronic Autonomous Solutions» (EAS) esa dronga qarshi REK tizimlari va komplekslarini taqdim etdi. Shuningdek, «Zarba Ammunition» korxonasi turli kalibrdagi o‘q-dorilarni namoyish qildi. O‘zbekiston stendini JAR Mudofaa vaziri Matsie Angelina Motshekga hamda Savdo vaziri Parks Tau ham kelib ko‘rdi




