15-sentyabr kuni poytaxt avtobuslari 1,5 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatib, navbatdagi rekordni o‘rnatdi. Bir kun avval metroda ham tarixiy ko‘rsatkich qayd etilgandi.
Toshkent shahar jamoat transportida yo‘lovchi tashish bo‘yicha navbatdagi rekord ko‘rsatkich qayd etildi. Poytaxt Transport bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 15-sentyabr kuni shahar avtobuslari xizmatidan bir kun ichida 1 520 113 nafar yo‘lovchi foydalandi.
E’tiborlisi, bu poytaxt transport tizimida ketma-ket ikki kun ichida qayd etilgan ikkinchi rekorddir. Bir kun avval, 14-sentyabr kuni Toshkent metropoliteni ham o‘z tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichni yangilab, bir sutkada 1 165 550 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan edi.
Boshqarma mutasaddilari fuqarolarning jamoat transportini tanlashi shahar yo‘llaridagi tirbandliklarni kamaytirish, ekologiyani asrash va vaqtni tejashga xizmat qilishini ta’kidladilar.



