Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya islohoti loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Unga ko‘ra, 2028-yildan pensiya yoshi har yili uch oyga oshirilib, erkaklar uchun 63, ayollar uchun 58 yoshga etkaziladi.
O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish ko‘zda tutilgan prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga chiqardi. SOVAZ portalidagi muhokamalar 30-sentyabrga qadar davom etadi.
Hujjatda 2027-yil 1-yanvardan boshlab pensiya tayinlashda belgilangan yoshni bir yilga qisqartirish amaliyotidan voz kechish taklif qilinmoqda.
Pensiya yoshini oshirishning asosiy bosqichi 2028-yil 1-yanvardan start oladi — ushbu ko‘rsatkich har yili uch oyga surib boriladi. Natijada 2039-yilga kelib pensiya yoshi erkaklar uchun 63 yoshni (hozirgi 60 o‘rniga), ayollar uchun esa 58 yoshni (hozirgi 55 o‘rniga) tashkil etadi. Vazirlik ta’kidlashicha, ushbu chora mamlakatda aholining o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi ortib borayotgani sababli pensiya tizimi barqarorligini saqlash uchun zarur.
Ijtimoiy kafolatlar va imtiyozli toifalar
O‘tish davrida fuqarolarning huquqlarini ҳimoya qilish va mavjud imtiyozlarni saqlab qolish bo‘yicha bir qator choralar belgilangan:
-
Mehnat huquqlari himoyasi: pensiya oldi yoshidagi shaxslarni ushbu vaj bilan ishdan bo‘shatish yoki ishga olishni rad etish qat’iyan taqiqlanadi;
-
Ishsizlar uchun muddatdan oldin pensiya: rasman ishsiz deb topilgan fuqarolar belgilangan muddatdan ikki yil oldin pensiyaga chiqish huquqini saqlab qoladi;
-
Amaldagi imtiyozlar: pensionerlar uchun ko‘zda tutilgan transport, tibbiy va soliq imtiyozlari o‘z kuchida qoladi;
-
Zararli mehnat sharoitlari: og‘ir va kon ishlarida band bo‘lgan fuqarolar uchun imtiyozli pensiya tartibi (erkaklar uchun 50–55 yosh, ayollar uchun 45–50 yosh) o‘zgartirishsiz qoldiriladi;
-
Jamg‘arib boriladigan pensiya: jamg‘arib boriladigan pensiya tizimidagi mablag‘larni olish huquqi avvalgi tartibda — erkaklarda 60 yoshdan, ayollarda esa 55 yoshdan saqlanib qoladi.



