Ekologiya milliy qo‘mitasi «Hisor» davlat qo‘riqxonasida havo harorati keskin sovib, birinchi qor yog‘ganini ma’lum qildi. Qor qo‘riqxonaning Miraki va G‘elon bo‘limlarini qopladi.
Qashqadaryo viloyatidagi «Hisor» davlat qo‘riqxonasining baland tog‘li hududlarida havo harorati keskin sovib ketdi. Keskin harorat tushishi ortidan hududda ushbu mavsumdagi birinchi qor yog‘di.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamentining ma’lum qilishicha, yog‘ingarchilik oqibatida qo‘riqxonaning Miraki va G‘elon bo‘limlariga qarashli yuqori tog‘li hududlar to‘liq qor qatlami bilan qoplandi.
«O‘zgidromet» sinoptiklari sentyabr oyida mamlakat bo‘ylab o‘rtacha havo harorati iqlimiy me’yorga yaqin bo‘lishini, biroq respublika bo‘yicha oylik yog‘ingarchilik hajmi me’yordan kamroq bo‘lishini taxmin qilmoqda. Tog‘li hududlarda esa qisqa muddatli beqaror ob-havo saqlanib qoladi.
Ma’lumot uchun, 1983-yilda tashkil etilgan «Hisor» davlat qo‘riqxonasi 80,9 ming gektardan ortiq maydonni egallaydi. Ushbu hududning 35 ming gektardan ziyod qismini baland tog‘lar, qoyalar va muzliklar tashkil etadi.



