Farg‘ona shahridagi ko‘p qavatli uy erto‘lasida fuqaro noqonuniy ravishda suv havzasi barpo etib, akula va boshqa baliqlarni boqqani aniqlandi. Huquqbuzarga nisbatan jarima qo‘llanildi.
Farg‘ona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari Farg‘ona shahri «Muruvvat» MFY, Farg‘ona ko‘chasidagi 78-uyda o‘tkazilgan monitoring davomida g‘ayrioddiy qoidabuzarlikni aniqlashdi. 78/17-xonadon mulkdori ko‘p qavatli uyning erto‘la qismida Hukumat qarori talablariga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan sun’iy havza barpo etib, unda har xil turdagi baliqlar, jumladan, akula parvarishlab kelgan. U yerda ichimlik suvidan ham noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holat yuzasidan uy egasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-1-moddasiga asosan jarima qo‘llanilib, ichimlik suvidan noqonuniy foydalanganligi bo‘yicha tegishli bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, inspeksiya tomonidan erto‘lani 15 kun muddat ichida to‘liq bo‘shatish va dastlabki holatiga keltirish bo‘yicha majburiy yozma ko‘rsatma berildi.



