Toshkent shahar hokimligi Yakkasaroydagi portlash hodisaga gaz sizib chiqishi va uning issiqlik tarmog‘ida to‘planishi sabab bo‘lganini bildirdi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi Glinka ko‘chasida sodir bo‘lgan favqulodda holat bo‘yicha poytaxt hokimligi matbuot xizmati dastlabki o‘rganish natijalarini e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, diametri 219 mm bo‘lgan yerosti gaz quvuridan chiqqan gaz issiqlik tarmoqlari kamerasiga to‘plangan va buning oqibatida portlash va yo‘l o‘pirilishi yuzaga kelgan. Mutaxassislar gaz quvurining 375 sm kv maydonida bir nechta sizib chiqish nuqtalarini aniqlashgan.
Mazkur fojiaviy holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquq-tartibot idoralari surishtiruv yakunlari bo‘yicha aybdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho beradi. Hozirda mutaxassislar sizib chiqish sabablarini batafsil o‘rganishni davom ettirmoqda. Tekshiruv va tiklash ishlari yakunlangach, yo‘l qoplamasi qayta ta’mirlanib, ko‘cha transport harakati uchun qayta ochilishi rejalashtirilgan. Barcha jarayonlar shahar hokimligining alohida nazoratida bo‘lib turibdi.



