Rossiyaning Nijnekamsk shahrida dronlar hujumi oqibatida 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. MChS va MIV ko‘magida ularning jasadlari 12-avgust kuni maxsus reys bilan Toshkentga olib kelindi.
Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi Nijnekamsk shahrida joylashgan obyektlarga uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) orqali berilgan zarbalar oqibatida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi va jarohat oldi. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (MChS) matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hodisa oqibatida Nijnekamsk shahridagi qurilish korxonalaridan birida faoliyat yuritayotgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Shuningdek, yana bir qancha vatandoshlarimiz turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga asosan tuzilgan Hukumat komissiyasi doirasida MChS, Tashqi ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Migratsiya agentligi tomonidan halok bo‘lganlarning jasadlarini vatanga olib kelish, jarohatlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rildi.
Hodisa joyiga O‘zbekistonning Rossiyadagi Fevqulodda va Muxtor Elchisi Botirjon Asadov hamda Qozondagi Bosh konsul Nodirjon Qasimov yetib borib, mahalliy hokimiyat organlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoni bilan birgalikda jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ushbu hodisa bilan bog‘liq barcha tashkiliy hamda huquqiy masalalarni to‘liq nazoratga olgan.



