Senat Oila kodeksiga o‘zgartishlarni ma’qulladi: endi otaning ismini bolaga familiya sifatida berish imkoniyati qonunchilikda aniq belgilab qo‘yiladi.
O‘zbekiston qonunchiligida bolaga otasining ismini familiya sifatida berish imkoniyati rasman mustahkamlanmoqda. Senatning yalpi majlisida Oila kodeksining 69-moddasiga tegishli o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonun ma’qullandi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, bolaning familiyasi ota-onaning familiyasi bo‘yicha belgilanadi. Shu bilan birga, milliy an’analardan kelib chiqqan holda, ayrim holatlarda boboning ismini familiya qilib berish amaliyoti ham mavjud edi. Yangi tartib ushbu huquq va imkoniyatni qonunchilik darajasida aniq belgilab berishga qaratilgan.
Senatorlarning ta’kidlashicha, otaning ismini bolaga familiya qilib berish imkoniyatining qonunan mustahkamlanishi fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi hamda milliy va diniy an’analarni inobatga olgan holda aholi xohish-istaklarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ushbu qonun bilan «Arxiv ishi to‘g‘risida»gi qonunchilikka ham bir qator o‘zgartishlar kiritilmoqda. Xususan, arxiv ishi sohasidagi vakolatli davlat organlarining vakolatlari aniqlashtirilmoqda, nodavlat va elektron arxivlarni tashkil etish tartibi hamda idoraviy arxivlarda hujjatlarni vaqtincha saqlash muddatlari belgilanmoqda.


