Pentagon 25 yil davomida e’lon qilib kelingan qurollar sinovi haqidagi ochiq hisobotlarni saytidan olib tashladi. Kirish faqat vakolatli xodimlar uchun qoldirildi.
Pentagon chorak asr davomida muntazam ravishda e’lon qilib kelingan qurollar sinovi haqidagi maxfiy bo‘lmagan ma’lumotlarni o‘zining rasmiy veb-saytidan olib tashladi va jamoatchilik uchun yopdi.
Hujjatlarga ochiq kirish 30-iyul kuni Pentagonning ekspluatatsion sinovlar boshqarmasi boshlig‘i Emi Henningerning buyrug‘iga binoan cheklangan. AQSH Mudofaa vazirligi ushbu qarorni mamlakat milliy xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan zaruriy ehtiyot chorasi deb baholamoqda.
Pentagonning tushuntirishicha, mamlakatning potensial raqiblari sun’iy intellekt hamda boshqa ilg‘or tahliliy vositalardan foydalangan holda turli maxfiy bo‘lmagan ma’lumotlarni bir-biri bilan solishtirishi va tahlil qilishi mumkin. Harbiy idoraga ko‘ra, raqib davlatlar bunday ma’lumotlar asosida Amerika harbiy texnikasi hamda muhim infratuzilmasining zaif va ojiz nuqtalari haqida batafsil va aniq tasavvurga ega bo‘lish xavfi mavjud.
Hozirgi vaqtda qurol-yarog‘lar sinovi bo‘yicha ko‘p yillik hisobotlar maxsus xavfsiz tarmoqqa o‘tkazilgan. Endilikda ushbu hujjatlar bilan faqat Federal qidiruv byurosi (FQB) tekshiruvidan o‘tgan hamda tegishli harbiy identifikatsiya kartalariga ega bo‘lgan vakolatli xodimlorgina tanishish huquqiga ega.
Yashirilgan hujjatlar harbiy qurol-yarog‘ dasturlarining samaradorligini baholash va sinov jarayonlarida aniqlangan kamchiliklar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan edi. Xususan, ushbu manba umumiy qiymati 1,6 trillion dollarga teng bo‘lgan F-35 qiruvchi samolyoti dasturining holati haqidagi ochiq ma’lumotlar bazasi vazifasini o‘tab kelayotgan edi.
Ma’lumot uchun, Pentagon iyul oyida noma’lum uchar jismlar (NUJ)ga oid navbatdagi maxfiy hujjatlar paketini maxfiylikdan chiqargan edi. Mudofaa vazirligining maxsus sahifasida Pentagon, NASA, Markaziy razvedka boshqarmasi, FQB va AQSH Energetika vazirligidan olingan 40 ta yangi fayl joylashtirilgan. Hujjatlarning deyarli yarmi 2010-yil va undan keyingi davrlarga tegishli bo‘lib, ular asosan Tinch okeanining g‘arbiy qismi, Atlantika okeani va Yaqin Sharq hududlari uzra noma’lum obyektlarni qayd etgan harbiy kameralarning infraqizil yozuvlaridan iborat. NUJ haqidagi arxiv ma’lumotlarini e’lon qilish jarayoni prezident Donald Trampning topshirig‘iga binoan amalga oshirilmoqda.





