Yunusobod tumanida 17-sonli avtobus va 85-sonli elektrobus ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida bir nafar yo‘lovchi tan jarohati oldi.
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida jamoat transporti ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. “Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, voqea 2-avgust kuni kungi soat 08:10 atrofida yuz bergan.
Amir Temur shoh ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan 17-sonli Yutong rusumli avtobus haydovchisi “Yulduz” bekatida to‘xtab turgan 85-sonli elektrobusning orqa qismiga borib urilgan.
To‘qnashuv oqibatida avtobus yo‘lovchilaridan biri tan jarohati olgan. Avtobus haydovchisi jarohatlangan yo‘lovchini tez tibbiy yordam mashinasida Toshkent davlat tibbiyot universiteti stomatologiya klinikasiga olib borgan. U yerda fuqaroga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilib, javob berilgan. Har ikkala transport vositasi ham texnik shikastlangan bo‘lib, ta’mirlash ishlaridan so‘ng qayta yo‘nalishga chiqarilishi rejalashtirilgan.



