O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, dam olish kunlari respublika bo‘yicha issiq ob-havo saqlanib qoladi. Sinoptiklar kelasi haftadan harorat pasayishi va anomal issiq chekinishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati agentligi dam olish kunlari va kelayotgan haftaning boshi uchun ob-havo prognozini e’lon qildi. Unga ko‘ra, shanba va yakshanba kunlari respublikaning aksariyat viloyatlarida issiq ob-havosaqlanib qoladi va maksimal havo harorati ba’zi hududlarda +42…+43 darajagacha ko‘tariladi. Faqatgina shimoliy-g‘arbiy tumanlarda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida jazlama issiq sekin-asta chekina boshlaydi.
Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, ushbu kunlarda mamlakat bo‘ylab kam bulutli va quruq ob-havo sharoiti hukm suradi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Respublika bo‘yicha ayrim cho‘l va ochiq hududlarida shamol tezligi soniyasiga 13–18 metrgacha kuchayishi, ba’zi joylarda qum va chang-tozonli hodisalar kuzatilishi mumkin. Shuningdek, mutaxassislar kelasi haftaning boshidan e’tiboran havo massalarining almashinuvi natijasida haroratning pasayishi O‘zbekistonning barcha hududlariga yoyilishini ta’kidlamoqda.
Poytaxtimiz Toshkent shahrida dam olish kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik ehtimoli yo‘q. Kunduzgi havo harorati +37…+40 darajagacha ko‘tarilishi, tungi soatlarda esa salqinroq bo‘lib, +23…+26 daraja atrofida shakllanishi kutilmoqda. Shamol sharqiy yo‘nalishdan soniyasiga 3–8 metr tezlikda esadi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Shoshilinch tibbiy yordam markazi shifokorlari ushbu anomaliya davrida aholiga, ayniqsa keksa yoshdagilar, yosh bolalar va surunkali xastaligi bor fuqarolarga quyosh nuri tik tushadigan ochiq joylarda kamroq bo‘lishni, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilishni hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh ostida og‘ir fiziki mehnat bilan shug‘ullanmaslikni tavsiya etadi.



