O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya, Falastin, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Jazoir, Malayziya, Pokiston, Ozarbayjon va Qozog‘istonning yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari Italiya elchisi Guvido de Sanktis, Falastin elchisi Vaill Batrexi, Saudiya Arabistoni elchisi Sa’d Abuxaymid, Quvayt elchisi Turki Al-Mekrad, Jazoir elchisi Jamila Ashur, Malayziya elchisi Rafeda binti Abdul Aziz, Pokiston elchisi Muhammad Mudassir Tipu, Ozarbayjon elchisi Rashad Mamedov hamda Qozog‘iston elchisi Yerali Tugjanovni diplomatik missiyasining boshlanishi bilan samimiy tabrikladi.
Prezident o‘z nutqida har bir davlat bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, Italiya bilan yashil energetika, farmatsevtika va tibbiyot kadrlarini tayyorlash, Saudiya Arabistoni bilan 25 mlrd dollarlikinvestitsiyaviy loyihalar va haj-umra ziyoratlari uchun sharoitlarni kengaytirish, Quvayt bilan esa neft-kimyo sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi. Falastin masalasida O‘zbekiston mojaroni «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyili asosida tinch yo‘l bilan hal etish va G‘azani qayta tiklash tarafdori ekani yana bir bor bildirildi.
Shuningdek, Malayziya bilan yarimo‘tkazgichlar sanoati va islom finansini rivojlantirish, Pokiston bilan Toshkent – Karachi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviapaqnovi hamda Transafg‘on koridorini ilgarilatish masalalari qayd etildi. Jazoir bilan alohida Hukumatlararo komissiya tuzish taklif qilindi.
Mintaqaviy hamkorlar — Ozarbayjon va Qozog‘iston bilan tovar ayirboshlash hajmini va investitsiyaviy loyihalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Ozarbayjon bilan birgalikdagi investitsiyalar portfelini 10 mlrd dollarga, Qozog‘iston bilan esa o‘zaro savdo hajmini 10 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha ulkan maqsadlar belgilangan.











