YHXX matbuot xizmati rahbari Zoir Yo‘ldoshev jarima ballarini bazadan o‘chirib berishni taklif qilayotgan firibgarlar paydo bo‘lganini ma’lum qildi. Avtomatlashtirilgan tizim ma’lumotlarini qo‘lda o‘zgartirishning imkoni yo‘q.
O‘zbekistonda haydovchilarga pul evaziga davlat bazasidagi jarima ballarini o‘chirib berishni taklif qilayotgan firibgarlar paydo bo‘ldi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) matbuot xizmati rahbari Zoir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, jarima ballarini hisoblash tizimi to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, u tashqi ta’sirlardan va aralashuvlardan himoyalangan. Tizimdagi ma’lumotlarni qo‘lda o‘chirish yoki ularga tuzatish kiritishning umuman imkoni yo‘q.
Firibgarlar o‘z «xizmatlari»ga fuqarolarni ishontirish uchun Telegram-kanallarda soxta yozishmalar hamda go‘yoki mamnun mijozlarning videoevazlarini e’lon qilmoqda. Shunday videolarning birida erkak kishi to‘lovdan so‘ng barcha jarima ballari MyGov hamda YPX xodimlari foydalanadigan tizimda nolga tenglashtirilganini da’vo qilgan. YHXX bunday bayonotlar mutlaqo haqiqatga zid ekanini ta’kidladi.
Xizmat fuqarolarni firibgarlarga aldanib qolmaslikka chaqirib, bunday noqonuniy takliflarga duch kelganda zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilishni so‘radi.
Shuningdek, Zoir Yo‘ldoshev bugungi kunga kelib 12 tadan ortiq jarima balini to‘plagan haydovchilar soni 700 nafardan oshganini ma’lum qildi. Hozirda ushbu qoidabuzarlarning barchasiga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda haydovchilik huquqidan mahrum etish jarayoni olib borilmoqda.




