Chirchiq shahrida Lacetti haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, daraxtga urilishi oqibatida voqea joyida halok bo‘ldi. Avtomobildagi yo‘lovchilar shifoxonaga yotqizildi.
Hodisa 24-iyul kuni soat 06:30 larda Chirchiq shahri hududidan o‘tuvchi Toshkent—Chirchiq—Chimyon avtomobil yo‘lining 27-kilometrida yuz bergan. 1995-yilda tug‘ilgan haydovchi A.D. Lacetti avtomobilida harakatlanayotib, rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘l chetidagi daraxtga borib urilgan.
Oqibatda 31 yoshli haydovchi olgan og‘ir tan jarohatlari sababli voqea joyida vafot etdi. Avtomobil salonida bo‘lgan yo‘lovchilar esa turli darajadagi tan jarohatlari bilan shahar tibbiyot birlashmasiga yetkazildi. Hozirda mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda Onix va YPX motosikli to‘qnashuvi oqibatida bir nafar xodim vafot etgani hamda Yunusobod tumanida YTH sabab ikkiga bo‘linib ketgan Lacetti’da ikki kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.




