Toshkentning Mirobod tumanidagi Shahrisabz ko‘chasida 24-iyuldan 9-avgustgacha BRT liniyasi qurilishi munosabati bilan harakat cheklanadi. Yo‘l to‘liq yopilmaydi.
Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan Shahrisabz ko‘chasi bo‘ylab Shota Rustaveli ko‘chasida boshlangan tezkor avtobus yo‘lagi (BRT) davomini barpo etish ishlari boshlanmoqda. Bu haqda Poytaxt yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Qurilish va ta’mirlash ishlari Shahrisabz ko‘chasining Shahrisabz — Mirobod — Shota Rustaveli aylanma harakatidan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan qismida olib boriladi. Shu munosabat bilan 24-iyul soat 01:00 dan 9-avgust soat 23:00 ga qadar ushbu hududda yo‘lni BRT talablariga moslashtirish ishlari o‘tkaziladi. Markaz ta’kidlashicha, yo‘l to‘liq yopilmaydi: qurilish markazdagi to‘rtta harakat bo‘lagida olib boriladi, transport vositalari esa har ikki yo‘nalishda chetki o‘ng tomondagi ikkita bo‘lak orqali harakatlanishda davom etadi.
Shahrisabz ko‘chasidagi yangi BRT liniyasining uzunligi 3,2 km ni tashkil etadi, kelgusi besh yil ichida esa tezkor avtobus yo‘laklari poytaxtning 10 ta asosiy ko‘chasini qamrab oladi. Loyihaning umumiy qiymati 126 million dollarga teng.



