Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonga kirib kelgan anomal issiq haftaning o‘rtasidan chekina boshlaydi. Kunduzgi harorat +32…+37 darajagacha pasayadi, yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
Joriy yilning 20–24-iyul kunlari O‘zbekiston hududida kam bulutli va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqatgina 21-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida hamda 22-iyul kuni Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning tog‘li hududlarida ham ayrim joylarda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor.
Dushanba kuni mamlakatda jaziramaning eng yuqori nuqtasi kuzatiladi: kunduzi havo harorati +40…+43 daraja, shimolda +34…+39 daraja, janubiy hududlarda esa ba’zi joylarda +45…+47 darajagacha ko‘tariladi. Biroq seshanba kunidan boshlab va ish haftasining oxirigacha harorat ko‘rsatkichlari pasayishi kutilmoqda. Kechalari havo harorati +20…+25 darajagacha salqinlaydi, kunduz kunlari esa +32…+37 darajagacha, ayrim joylarda esa +30 darajagacha pasayadi.




