O‘zgidromet 18–19-iyul kunlari O‘zbekistonda anomal issiq bo‘lishini prognoz qilmoqda. Toshkentda havo harorati +46 darajagacha ko‘tarilib, 1997-yilgi mutlaq rekord yangilanishi mumkin.
Xususan, Toshkent shahrida havo harorati +46°C gacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Agar ushbu prognoz amalga oshsa, poytaxtda oxirgi qariyb o‘ttiz yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etiladi va 1997-yilda o‘rnatilgan +44,6°C lik mutlaq issiqlik rekordi yangilanadi. Ushbu anomal holatga janubdan kirib kelgan o‘ta issiq havo massalari sabab bo‘ldi. Shuningdek, respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi soniyasiga 13–18 metrgacha kuchayishi va chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
Toshkentdan tashqari yana beshta shaharda ham tarixiy maksimal harorat ko‘rsatkichlari yangilanishi ehtimoli bor. Buxoroda harorat +47°C gacha (amaldagi rekord 1997-yilda +46,0°C bo‘lgan), Samarqandda +44°C gacha (rekord 1983-yilda +42,4°C) ko‘tarilishi kutilmoqda. Vodiy viloyatlarida ham misli ko‘rilmagan jazirama bo‘lishi mumkin: Andijonda +45°C (rekord 1953-yilda +41,7°C), Namanganda +45°C (rekord 1921-yilda +42,4°C) va Farg‘onada +43°C (rekord 1944-yilda +42,4°C). Boshqa hududlarda ham jazirama o‘ta og‘ir kechadi, biroq harorat tarixiy ko‘rsatkichlardan oshmaydi: Termizda +47°C, Nukus va Urganchda +44°C gacha issiq bo‘ladi. Sinoptiklar seshanba kunidan boshlab issiq chekinishini va harorat 7–10 darajaga pasayishini ma’lum qilishdi.



