Sog‘liqni saqlash vazirligi anomal issiq kuzatilgan so‘nggi to‘rt kunda tez yordam xizmatiga 166 mingdan ortiq murojaat kelib tushganini ma’lum qildi. Chaqiriqlar sonida keskin o‘sish kuzatilmadi.
O‘zbekistonda kuzatilayotgan g‘ayritabiiy issiq ob-havoga qaramay, respublika bo‘yicha tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushayotgan chaqiriqlar dinamikasi barqaror saqlanib qolmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, anomal jazirama hukm surgan so‘nggi 4 kun ichida respublika bo‘yicha «103» xizmatiga jami 166 ming 726 ta chaqiriq kelib tushgan. Vazirlik barcha murojaatlar belgilangan tartibda qabul qilinib, bemorlarga o‘z vaqtida va sifatli tez tibbiy yordam ko‘rsatilganini ta’kidladi.
Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘ofurovning so‘zlariga ko‘ra, issiq ob-havoga yurak-qon tomir, nafas yo‘llari tizimi kasalliklari hamda qandli diabet kabi surunkali xastaliklari bor fuqarolar, shuningdek, keksalar, homilador ayollar va yosh bolalar juda sezgir hisoblanadi.
Shunga qaramay, mazkur jazirama kunlarida chaqiriqlar sonida undan avvalgi to‘rt kunga (9–12-iyul kunlariga) nisbatan jiddiy o‘sish qayd etilmadi. Bunga mas’ul tashkilotlar tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholiga anomal issiq havo sharoitida ehtiyot choralarini ko‘rish bo‘yicha berilgan doimiy tavsiyalar sabab bo‘lgan.
Shifokorlar aholiga kunning eng issiq soatlarida zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikni, kun davomida yetarli miqdorda toza suv ichishni hamda yog‘li, qovurilgan va o‘ta sho‘r taomlarni cheklab, yengil hazm bo‘luvchi ovqatlar va sabzavotli salatlar iste’mol qilishni tavsiya etishmoqda. «O‘zgidromet» sinoptiklarining prognozlariga ko‘ra, ushbu jazirama havo uzoq davom etmaydi — 21-iyul, seshanba kunidan boshlab respublikaning barcha hududlarida issiq chekina boshlaydi va havo harorati 6-9 darajaga pasayadi.



