16-iyuldan boshlab Toshkent viloyatidagi barcha davlat, xususiy va idoraviy bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Qaror kuchli issiq va energetika tizimidagi yuklamalar tufayli qabul qilindi.
Tegishli topshiriq viloyatdagi barcha tuman va shahar hokimliklariga berilgan. Mazkur qaror respublikada kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sharoiti, havo haroratining keskin ko‘tarilishi hamda energetika infratuzilmasiga tushayotgan misli ko‘rilmagan yuklamalar fonida bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Viloyatdagi bog‘chalar faoliyati ob-havo me’yoriy holatga kelgach, Toshkent viloyati hokimligining qo‘shimcha alohida qaroriga asosan qayta yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatda kuzatilayotgan ekstremal issiq sababli avvalroq ham bir qator cheklovlar va tavsiyalar joriy etilgan edi. Chunonchi, Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarga havo harorati eng yuqoriga ko‘tariladigan vaqtda — soat 11:00 dan 16:00 gacha xodimlarning ochiq havoda ishlashini cheklash yoki to‘xtatishni tavsiya qildi. Shuning diaqorida, Ekologiya qo‘mitasi aholi va mas’ul xizmatlarni anomal issiq davrida daraxtlar hamda yashil maydonlarni muhofaza qilish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga chaqirdi.




