Hududda havo haroratining keskin ko‘tarilishi munosabati bilan davlat va nodavlat bog‘chalar vaqtincha yopilmoqda. Ayrim tumanlarda cheklovlar 6 kungacha davom etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida havo haroratining keskin ko‘tarilishi sababli davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda hududiy Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik tushuntirishiga ko‘ra, ushbu chora „bolalar salomatligini anomal issiq ta’siridan himoya qilish va ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida“ qabul qilingan. Mazkur qarorlar Sanepidqo‘mitaning hududiy bo‘limlari tavsiyalari asosida shahar va tumanlar hokimlari tomonidan imzolandi.
Bog‘chalarning vaqtincha yopilish grafigi:
-
13-iyuldan 15-iyulgacha (3 kun) — Amudaryo tumani;
-
13-iyuldan 17-iyulgacha (5 kun) — Beruniy, Taxiatosh, Shumanay, Mo‘ynoq, Qonliköl va To‘rtko‘l tumanlari;
-
13-iyuldan 18-iyulgacha (6 kun) — Nukus shahri va Xo‘jayli tumani.
Hududlar ma’muriyati va soha mutasaddilari ota-onalardan ushbu davrda bolalar salomatligiga e’tiborli bo‘lishni so‘radi. Kunning eng issiq vaqtida bolalarni ochiq havoda uzoq vaqt qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hayotiy muhim ekanligi eslatib o‘tildi.
Eslatib o‘tamiz: Avvalroq O‘zgidromet O‘zbekistonga subtropik havo oqimi kirib kelishi va buning oqibatida ayrim hududlarda harorat +45°C dan yuqori bo‘lishi haqida ogohlantirgan edi.





