Kongo DRda Ebola virusi bilan kasallanganlar soni 1500 kishidan oshib ketdi, 473 bemor vafot etdi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, epidemiya Bundibugyo shtammi tufayli kelib chiqqan va tez tarqalmoqda.
Kasallik oqibatida shu paytgacha 473 nafar inson hayotdan ko‘z yumdi va o‘lim ko‘rsatkichi jami kasallanganlarning qariyb uchdan bir qismini tashkil etmoqda. Hozirda maxsus shifoxonalar va tibbiy izolyatorlarda 628 nafar bemor davolanmoqda, infeksiyaga chalinganlar bilan yaqin muloqotda bo‘lgan 11 360 kishi esa shifokorlar nazoratida qolmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mazkur epidemiya virusning o‘ta tez rivojlanuvchi turi — “Bundibugyo” shtammi tufayli kelib chiqqanini ma’lum qildi. Tashkilot hisobotiga ko‘ra, Kongodagi asosiy kasallik o‘choqlari Ituri, Shimoliy Kivu va Janubiy Kivu provinsiyalarida joylashgan. JSST virusning mamlakat ichkarisida tarqalish xavfini “o‘ta yuqori” deb baholamoqda, biroq xalqaro ekspertlar hozircha Kongo DR va Uganda bilan xalqaro sayohatlar hamda savdo aloqalariga cheklovlar joriy etishni tavsiya qilmayapti.
Shu bilan birga, mazkur infeksiya bo‘yicha xalqaro xavotirlar ham yuzaga keldi. Xususan, Isroil sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari mamlakatda Ebola simptomlari kuzatilgan ilk bemor shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qilishdi. Isroil hukumati aholini vahimaga tushmaslikka chaqirib, ushbu xavfli virus gripp kabi havoda aerozol (havo-tomchi) yo‘li orqali yuqmasligini, u faqat bemorning biologik suyuqliklari bilan bevosita muloqotda bo‘lgandagina o‘tishini eslatib o‘tdi.




