O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 4-iyul kuni poytaxtning Sergeli tumaniga ishchi tashrif bilan boradi. Davlat rahbari amalga oshirilgan loyihalar bilan tanishadi va Toshkent rivojiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazadi.
Davlat rahbari hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik loyihalari natijalari hamda tumandagi joriy o‘zgarishlar jarayoni bilan yaqindan tanishadi. Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, dasturdan tumanni rivojlantirish doirasida barpo etilgan va modernizatsiya qilingan yangi obyektlarni ko‘zdan kechirish o‘rin olgan.
Obyektlar ko‘rigidan tashqari, tashrif davomida poytaxtning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda shahar muhiti sifatini oshirish, infratuzilmani yanada yaxshilash hamda mahalla ahli uchun xavfsiz sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, aholi turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan yangi tashabbuslar muhokama qilinishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Sergeli tumani poytaxtning eng tez sur’atlar bilan kengayib borayotgan hududlaridan biri hisoblanadi. Oxirgi yillarda bu yerda zamonaviy turar joy massivlari, ijtimoiy soha obyektlari, yo‘llar va muhandislik tarmoqlari qurilib, Toshkentni kompleks rivojlantirish dasturlari doirasida qator yirik loyihalar hayotga tatbiq etildi.




