Prezidentning yangi farmoniga muvofiq, iyul oyidan eng kam pensiya va ijtimoiy yordam pullari ko‘payadi. Sentyabrdan boshlab esa budjet xodimlari oyligi va stipendiyalar 7 foizga ko‘tariladi.
Birinchi bosqichda — joriy yilning 1-iyulidan boshlab pеnsiya miqdori va ijtimoiy nafaqalar qiymati o‘zgaradi. Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 504 000 so‘m etib belgilandi.
Yangi iqtisodiy choralar doirasida yoshga doir eng kam pensiya 983 000 so‘mga, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa 1 083 000 so‘mga yetkaziladi. Ish staji yo‘q keksa fuqarolar nafaqasi, boquvchisini yo‘qotganlik hamda o‘zgalar parvarishiga muhtojlar uchun to‘lovlar 878 000 so‘m qilib belgilandi.
Urush qatnashchilari va nogironlari uchun to‘lovlar 4 775 000 so‘mni tashkil etadi. Ijtimoiy reyestrdagi oilalarga 450 000 so‘m moddiy yordam beriladi. 3 yoshgacha birinchi farzand uchun nafaqa 386 000 so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun esa 295 000 so‘m bo‘ladi.
Ikkinchi bosqichda — 1-sentyabrdan boshlab barcha budjet tashkilotlari xodimlarining oylik maoshlari hamda talabalarning stipendiyalari ham 7 foizga yuqorilaydi. Natijada mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHTEKM) 1 360 000 so‘mga, bazaviy hisoblash miqdori (BHM) esa 440 000 so‘mga teng bo‘ladi.





