Seul sudi sobiq prezident Yun Sok Yolning avtoritar rejalarini qo‘llab-quvvatlagan sobiq adliya vaziri Pak Sung Jega nisbatan hukm chiqardi. Vazirlar mahkamasining barcha a’zolari jazolandi.
Seul markaziy okrug sudi sobiq adliya vaziri Pak Sung Jeni 25 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. U 2024-yil dekabr oyida ag‘darilgan prezident Yun Sok Yol tomonidan e’lon qilingan qisqa muddatli harbiy holat tartibini amalga oshirishda muhim rol o‘ynaganlikda aybdor deb topildi.
Sud materiallariga ko‘ra, Pak Sung Je prezident farmonidan so‘ng vazirlik xodimlariga muxolifatchi siyosatchilarni hibsga olish uchun qamoqxonalarning sig‘imini baholashni va harbiy qo‘mondonlikka prokurorlarni yuborishni buyurgan. Sudya sobiq vazir konstitutsiyani himoya qilish majburiyatini unutilib, davlat rahbarining hokimiyatni monopollashtirishga bo‘lgan avtoritar intilishlariga xizmat qilganini qayd etdi. Pakning o‘zi esa ayblovlarni rad etib, shunchaki favqulodda vaziyatdagi vazifasini bajarganini da’vo qilmoqda.
Pak Sung Je harbiy holat tufayli jinoiy javobgarlikka tortilgan hukumat a’zolarining oxirgisi bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, isyon ko‘tarishda ayblangan sobiq prezident Yun Sok Yol umrbod qamoq, sobiq mudofaa vaziri Kim Yong Hyun 30 yil, sobiq bosh vazir Han Dok Su esa apellyatsiyadan so‘ng 15 yillik qamoq jazosini olgan edi.




