Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi JCH-2026 o‘yinlari namoyish etiladigan 220 ta maktab loyihasini e’lon qildi. Toshkentdagi manzillar hamda Kolumbiya, Portugaliya va Kongoga qarshi uchrashuvlar vaqti ma’lum bo‘ldi.
Loyiha doirasida ajratilgan maktablar futbol o‘yinlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda ko‘rsatish cho‘n barcha zaruriy texnik vositalar bilan jihozlanadi. Milliy terma jamoamizning tarixiy bahslarini maktab o‘quvchilari, ularning ota-onalari va mahalladagi barcha xohlovchi muxlislar birgalikda jonli efirda kuzatishlari mumkin bo‘ladi.
Poytaxt Toshkent shahrida o‘yinlar quyidagi 12 ta maktabda guruh bo‘lib tomosha qilinadi:
12, 27, 110, 133, 135, 168, 228, 255, 293, 314, 317 va 329-sonli maktablar.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasining guruh bosqichidagi uchrashuvlari taqvimi ham e’lon qilindi. Vaqt tafovuti sababli uchrashuvlarning aksariyati Toshkent vaqti bilan tungi hamda erta tonggi soatlarga to‘g‘ri keladi.
Guruh bosqichi o‘yinlari jadvali (Toshkent vaqti bilan):
-
O‘zbekiston — Kolumbiya — 18-iyun, soat 07:00;
-
O‘zbekiston — Portugaliya — 23-iyun, soat 22:00;
-
O‘zbekiston — Kongo — 28-iyun, soat 04:30.
Respublika bo‘yicha loyihaga biriktirilgan barcha 220 ta maktabning to‘liq ro‘yxati bilan vazirlik tomonidan taqdim etilgan havola orqali tanishish mumkin.


