Time Out jurnali sayyohlar uchun mo‘ljallangan yillik 50 ta eng yaxshi yo‘nalish ro‘yxatini e’lon qildi. Unda 2026-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi shaharlar qaysilar ekani va ularni alohida qiladigan jihatlar keltirilgan.
Nashr dunyoning yirik megapolislarini qamrab olgan maxsus reytingni taqdim etdi. Tadqiqotda 24 mingdan ortiq mahalliy aholi hamda yuzdan ortiq soha mutaxassislari ishtirok etgan. Reytingda turmush sifati, madaniy muhit va sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar asosiy mezon sifatida baholangan.
Dunyo reytingi yetakchilari
Melburn (Avstraliya) tarixda ilk bor reytingda birinchi o‘rinni egalladi. Shahar gastronomik xilma-xilligi, jonli ko‘cha muhiti, tomdagi barlari va boy tadbirlar taqvimi bilan yuqori baholangan.
Shanxay (Xitoy) futuristik arxitektura va tarixiy meros uyg‘unlashgan kontrastlar shahri sifatida e’tirof etildi. Sayyohlar ayniqsa arzon gastronomiya va jonli tungi hayotni alohida ta’kidlagan.
Edinburg (Buyuk Britaniya) Yevropadagi eng yaxshi shahar sifatida qayd etildi. Bu yerda piyoda yurish uchun qulay infratuzilma, ko‘plab yashil hududlar va mashhur madaniy festivallar mavjud.
London (Buyuk Britaniya) san’at va madaniy xilma-xilligi bilan yuqori baho oldi.
Nyu-York (AQSh) esa madaniy voqealar va urbanistik innovatsiyalar markazi sifatida o‘z mavqeini saqlab qoldi.
Top-10 ro‘yxatiga shuningdek Keyptaun, Mexiko, Bangkok, Seul va Tokio shaharlari ham kiritildi.
Mutaxassislar shaharlarni 44 ta mezon bo‘yicha baholagan. Ular orasida ovqatlanish imkoniyatlari, madaniy tadbirlar soni, infratuzilma rivoji va shaharning umumiy muhitiga alohida e’tibor qaratilgan. Tahlilchilar shaharlar turli avlodlar, jumladan Z avlodi uchun qanchalik qulay ekanini ham hisobga olgan.



