Dommaraju va Sindarov o‘rtasidagi jahon chempionligi bahsi 2026-yilning noyabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tadi. 2,5 mln dollarlik mukofot jamg‘armasiga ega ushbu tarixiy uchrashuv dunyoning eng yosh ikki grossmeysteri o‘rtasida kechadi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi amaldagi jahon chempioni hindistonlik Gukesh Dommaraju va o‘zbekistonlik da’vogar Javohir Sindarov o‘rtasidagi bosh sovrin uchun kechadigan bahs tafsilotlarini ochiqladi. Dunyoning eng kuchli shaxmatchisini aniqlab beruvchi ushbu nufuzli uchrashuv 2026-yilning 23-noyabridan 17-dekabriga qadar bo‘lib o‘tishi belgilandi.
Bu tarixda ilk bor eng yosh shaxmatchilar ishtirokidagi final bo‘ladi, chunki har ikki grossmeyster ham musobaqa boshlanishida 20 yoshda bo‘ladilar. Tadbirning umumiy byudjeti 8,5 million dollarni tashkil etsa, ishtirokchilar uchun ajratilgan minimal mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollardan iborat bo‘lishi tasdiqlandi. Hozirda mezbonlik uchun arizalar qabul qilinmoqda va musobaqa o‘tkaziladigan joy 31-maydan so‘ng aniq bo‘ladi.
Gukesh Dommaraju shaxmat tarixidagi eng yosh chempion sifatida 2024-yilda Garri Kasparovning rekordini yangilab, o‘z unvoniga ega chiqqan edi. O‘zbekistonlik shaxmat yulduzi Javohir Sindarov esa ushbu tarixiy imkoniyatni Kiprdagi da’vogarlar turnirida mag‘lubiyatsiz o‘yin ko‘rsatib, 14 imkoniyatdan 10 ochko jamlagan holda qo‘lga kiritdi.
Bo‘lajak final qarama-qarshiligi odatda 14 ta partiyadan iborat bo‘ladi va g‘alaba qozonish uchun shaxmatchilardan biri 7,5 ochko to‘plashi lozim. Agar 14-partiyadan so‘ng durang natija qayd etilsa, chempion tay-breykda aniqlanadi. Turnir reglamenti 2026-yilning 1-iyuliga qadar FIDE tomonidan rasman tasdiqlanishi kutilmoqda, bu esa shaxmat olamida yilning eng muhim sport voqeasiga aylanishi shubhasiz.




