Toshkentda Xayrulla Asadov noqonuniy kitob savdosi uchun jarimaga tortildi

Toshkentda Xayrulla Asadov noqonuniy kitob savdosi uchun jarimaga tortildi Jamiyat

Toshkent sudida Xayrulla Asadov noqonuniy kitob savdosi uchun jarimaga tortildi. Sotuvchidan 100 dona mahsulot ham musodara qilindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Jonli kitob” nomi bilan tanilgan sotuvchi tegishli hujjatlarsiz tadbirkorlik qilgani va cheklarni bermagani uchun javobgarlikka tortildi.

Sud jarayoni soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan Asadovning ko‘chma savdo nuqtasida o‘tkazilgan tekshiruv asosida boshlandi. Tekshiruvda sotuvchi onlayn-KKM xotirasida tushumni qayd qilmagani va tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganligi aniqlandi. Sud majlisida Xayrulla Asadov aybini tan olib, pushaymonlik bildirdi.

2026 yil 6 yanvardagi sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzar ma’muriy javobgarlik kodeksining 176-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topildi. Unga 5 bazaviy hisoblash miqdori (2,06 mln so‘m) miqdorida jarima tayinlandi. Shuningdek, sud 100 dona kitobni uch xil nom bilan belgilangan tartibda musodara qilishga qaror qildi.

Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati hodisani sharhlab, kitob ma’naviyat vositasi bo‘lishiga qaramay, savdo qilinadigan mahsulot sifatida sotuvchi savdo qoidalariga rioya qilishi lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, mudofaa tomoni agar ishda qo‘shimcha ijtimoiy-ma’naviy jihatlarni ko‘rsa, qarorga yuqori instansiyada shikoyat berish huquqiga ega ekanligi bildirildi.

Пресса.uz
Pressa.uz