Toshkent shahar sudi birinchi instansiya chiqargan yumshoq qarorni bekor qildi. YPX xodimlaridan qochganidan so‘ng “arzimas” jarima bilan qutulganini aytib maqtangan bloger endi 10 sutkani maxsus qabulxonada o‘tkazadi.
Prokuratura protest kiritganidan so‘ng ish kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqildi. 27-fevral kuni Toshkent shahar sudining yuqori instansiyasi pul jarimasi qonunga ochiqchasiga hurmatsizlik uchun yetarli jazo emas, degan xulosaga keldi.
Qarordagi o‘zgarishlar:
Avvalgi hukm: sudya Botiralibek Omonov Jumaevga 8,4 mln so‘m (20 BRV) jarima tayinlagan.
Yangi hukm: jarima haqidagi qaror bekor qilindi, harakatlar ijtimoiy xavfli deb topildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195-2-moddasiga asosan Jumaevga ushbu modda doirasidagi eng yuqori jazo — 10 sutka ma’muriy qamoq tayinlandi.
Avvalroq bloger ishni “minimal summa”ga hal qilganini ochiq aytib, keng muhokamaga sabab bo‘lgan edi. Endilikda yuqori instansiya qarori bilan birinchi sud hukmi to‘liq bekor qilindi.








