Sog‘liqni saqlash vazirligi prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjat tibbiy va farmatsevtika ta’limi tizimini tubdan isloh qilishni nazarda tutadi. Reja doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadigan qator muhim o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan.
Asosiy yangiliklardan biri — tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida “superkontrakt” asosida qabulni to‘liq bekor qilish. 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab bakalavriatga kirish faqat imtihon natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi. Bu orqali moliyaviy imkoniyat emas, balki abituriyentning bilimi ustuvor bo‘lishi ta’minlanadi.
Qabul va baholash tizimi o‘zgaradi
Vazirlik minimal o‘tish ballarini joriy etishni taklif qilmoqda:
-
Bo‘lajak shifokorlar uchun — kamida 70 foiz.
-
O‘rta tibbiyot xodimlari uchun — kamida 60 foiz.
Belgilangan mezondan past natija ko‘rsatgan talabalar keyingi bosqichga o‘ta olmaydi. Bu esa bilim darajasi yetarli bo‘lmagan bitiruvchilarning diplom olishini cheklashga qaratilgan.
Interantura va qisqa kurslar bekor qilinadi
Islohot doirasida interantura (birlamchi maqsadli ixtisoslashuv kurslari)ga qabul to‘xtatiladi. Shuningdek, tor mutaxassislarni qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslari orqali tayyorlash amaliyotiga ham barham beriladi.
Endilikda kardiolog, kardioxirurg, oftalmolog kabi tor yo‘nalishdagi shifokor bo‘lish faqat rezidentura yoki magistratura bosqichi orqali, uzoq muddatli va chuqurlashtirilgan ta’lim asosida amalga oshiriladi.
Ta’lim jarayoniga dalillarga asoslangan tibbiyot metodologiyasi keng joriy etiladi hamda simulyatsion markazlarda majburiy amaliyot o‘tash tartibi belgilanishi rejalashtirilmoqda. Bu talabalar real klinik vaziyatlarga yaqin sharoitda tajriba orttirishini ta’minlaydi.
O‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqiladi
Loyihada o‘quv rejalari ham yangilanadi. O‘zbekistonda o‘lim ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan yurak-qon tomir, onkologik va boshqa kasalliklar bo‘yicha soatlar soni oshiriladi. Maqsad — bo‘lajak shifokorlarni dolzarb tibbiy muammolarga chuqurroq tayyorlash.
Islohot maqsadi va ehtimoliy oqibatlar
Vazirlik ushbu choralarni tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va aholining sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash zarurati bilan izohlamoqda. “Superkontrakt”ni bekor qilish va o‘tish ballarini oshirish orqali bemorlar oldiga puxta bilimga ega mutaxassislar borishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, qat’iy talablar qisqa muddatda bitiruvchilar sonining kamayishiga va kadrlar taqchilligiga olib kelishi mumkinligi ham istisno etilmayapti.
Hujjat loyihasi muhokamasi 18 martga qadar davom etadi. Fuqarolar normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida o‘z taklif va mulohazalarini bildirishlari mumkin.








