Sirdaryoda elektr qarmoq yordamida baliq ovlagan brakonerlar tabiatga 733 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazdi. Holat bo‘yicha hujjatlar prokuraturaga yuborilmoqda.
Markaziy Mirzacho‘l kanalining Sardoba suv ombori zonasiga tutash qismida noma’lum shaxslar elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotgani ma’lum bo‘ldi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu uslub suv ostidagi barcha tirik mavjudotlarni, jumladan, baliq uvildiriqlari va mayda organizmlarni ham qirib tashlaydi.
Tekshiruv davomida o‘nlab turli xildagi baliqlar noqonuniy ravishda nobud qilingani aniqlandi. Amaldagi metodika asosida hisoblangan zarar miqdori 733 million so‘mdan oshib ketdi. Bunday harakatlar mamlakatimizning hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga mutlaqo zid hisoblanadi.
Hozirda to‘plangan hujjatlar qonunbuzarlarga nisbatan chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga taqdim etishga tayyorlanmoqda. Ekologlar baliq ovlash qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligini va elektr toki kabi shafqatsiz usullarni qo‘llash jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor eslatib o‘tdi.






