Rossiya harbiy xizmatni o‘tagan xorijliklarni ekstraditsiya qilishni taqiqladi

Rossiya harbiy xizmatni o‘tagan xorijliklarni ekstraditsiya qilishni taqiqladi Jamiyat

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi Jinoyat-protsessual kodeksining 464-moddasiga o‘zgartirishlar kirituvchi federal qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, Rossiya harbiy xizmatni o‘tagan xorijliklarni ekstraditsiya qilishni taqiqladi.

Yangi qoidalarga binoan, Rossiya kuch tuzilmalarida xizmat qilayotgan yoki xizmat qilgan hamda janglarda qatnashgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni xorijiy davlatlar so‘rovi bo‘yicha topshirish taqiqlanadi. Mazkur qonun Rossiya mudofaa idorasi bilan shartnoma imzolagan shaxslar uchun huquqiy himoya mexanizmini yaratadi.

Bu yangilik O‘zbekiston kabi MDH davlatlari qonunchiligi bilan huquqiy kolliziyani (qarama-qarshilikni) keltirib chiqarmoqda, chunki O‘zbekistonda fuqarolarning xorijiy davlatlardagi qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etishi og‘ir jinoyat hisoblanadi.

O‘zbekistondagi vaziyat

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga muvofiq, «Yollanma faoliyat» uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Huquq-tartibot organlari so‘nggi yillarda ushbu turdagi jinoyatlarning barqaror o‘sishini qayd etmoqda:

  • 2022-yil — 19 ta jinoyat ishi

  • 2023-yil — 68 ta jinoyat ishi

  • 2024-yil — 112 ta jinoyat ishi

  • 2025-yil — 139 ta jinoyat ishi

2022-yildan beri jami qo‘zg‘atilgan ishlar soni 338 tani tashkil etdi. Rossiyaning yangi qonuni O‘zbekiston huquq-tartibot organlarining Rossiya kuch tuzilmalarida shartnoma asosida xizmat qilayotgan fuqarolarni javobgarlikka tortish uchun xalqaro ekstraditsiya mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatini amalda yo‘qqa chiqarmoqda.

Пресса.uz
Pressa.uz