O‘zbekiston milliy terma jamoasi AQSHdagi o‘quv-mashg‘ulot bazasini tanladi va JCH davomida Roli shahrida istiqomat qiladi. Jamoa Shimoliy Karolina shtatida joylashadi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi AQSHdagi o‘quv-mashg‘ulot bazasini tanladi. 2026-yilgi jahon chempionati guruh bosqichi davomida vakillarimiz Roli shahrida (Shimoliy Karolina) istiqomat qiladi. Ushbu manzil turnir geografiyasi va stadionlar aro qulay logistika inobatga olingan holda belgilangan.
Guruhdagi raqiblar ham o‘z qarorgohlarini aniqlab olishgan. Portugaliya terma jamoasi Palm-Bich-Gardensda, Kolumbiya vakillari esa Kolumbus shahrida istiqomat qiladi. FIFA jami 61 ta maxsus lokatsiyani ishtirokchi jamoalar uchun tayyorlab qo‘ygan bo‘lib, ular jamoalarning yashashi va sifatli mashg‘ulot o‘tkazishi uchun barcha sharoitlar bilan ta’minlangan.
Guruh bosqichi o‘yinlari davomida jamoalar maxsus charter reyslar orqali boshqa shaharlarga uchib boradi va uchrashuv yakunlangach, yana o‘zlarining doimiy bazalariga qaytadi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi «K» guruhida Portugaliya, Kolumbiya hamda qit’alararo pley-off g‘olibi bilan kuch sinashadi.








