O‘zbekistonlik olimlar Yer himoyasi bo‘yicha NASA missiyasidagi ishtiroki uchun xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi

O‘zbekistonlik olimlar Yer himoyasi bo‘yicha NASA missiyasidagi ishtiroki uchun xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi Jamiyat

O‘zbekiston Astronomiya instituti olimlari Double Asteroid Redirection Test (DART) xalqaro loyihasi jamoasi tarkibiga kirdi va NASA’ning nufuzli Group Achievement Award mukofoti bilan taqdirlandi.

Mukofotlanganlar qatorida laboratoriya rahbari Otabek Burxonov hamda katta ilmiy xodim Kamoliddin Ergashev bor. Ular asteroid orbitasidagi o‘zgarishlarni kuzatish va hisoblash ishlari bilan shug‘ullangan.

DART loyihasi tarixiy tajriba sifatida e’tirof etildi: insoniyat tarixida ilk bor kosmik jism orbitasini sun’iy ravishda o‘zgartirishga urinish amalga oshirildi. 2022-yil 26-sentabr kuni kosmik apparat Didimos asteroidining kichik yo‘ldoshi — Dimorfos bilan to‘qnashdi. Zarba natijasida Dimorfosning asosiy asteroid atrofidagi orbitasi o‘zgardi, bu yerusti va kosmik teleskoplar ma’lumotlari orqali tasdiqlandi.

DART tajribasi asteroidlar trayektoriyasini boshqariladigan tarzda o‘zgartirish imkoniyati mavjudligini ilmiy jihatdan isbotladi va Yerning sayyoraviy himoyasi sohasida yangi ufqlarni ochdi.

O‘zbekistonlik olimlar Maydanak rasadxonasining teleskoplari yordamida to‘qnashuvdan oldin va keyin asteroid harakati parametrlarini qayd etgan. Ularning o‘lchovlari missiya natijalarini baholashda muhim rol o‘ynadi. Aynan shu ma’lumotlar asosida xalqaro jamoa tajribaning muvaffaqiyatli yakunlanganini tasdiqladi.

Fanlar akademiyasi matbuot xizmati ta’kidlashicha, o‘zbekistonlik mutaxassislarning ishtiroki mamlakatning global kosmik loyihalardagi rolini oshiradi hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

DART missiyasi insoniyat kosmik jismlar trayektoriyasiga ta’sir ko‘rsatishi va asteroidlarning Yerga qulash xavfini potensial ravishda oldini olishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Tajriba natijalari sayyoraviy himoya texnologiyalarini ishlab chiqish imkonini beradi va astronomiya hamda kosmik fanlar yo‘nalishida yangi tadqiqot yo‘llarini ochadi.

Пресса.uz
Pressa.uz