O‘zbekistonda yoshlarga 15 foiz stavkada garovsiz kreditlar beriladi

O‘zbekistonda yoshlarga 15 foiz stavkada garovsiz kreditlar beriladi Jamiyat

Joriy yildan boshlab O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi davlat tashabbusi — “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushiriladi. Loyiha yoshlarning moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, barqaror biznes ko‘nikmalarini shakllantirish va hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan.

Qo‘llab-quvvatlashning asosiy mexanizmi — 7 yilgacha muddatga yillik 15 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratishdir. Moliyalashtirish bosqichma-bosqich tamoyil asosida yo‘lga qo‘yiladi — o‘zini o‘zi band qilishdan boshlab biznesni kengaytirishgacha.

— O‘zini o‘zi band qilgan yoshlar 20 mln so‘mgacha garovsiz kredit olishi mumkin.

— Tadbirkorlik ko‘nikmalariga ega bo‘lgan va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yayotgan yoshlar 300 mln so‘mgacha moliyalashtirishdan foydalanadi.

— Faoliyat yuritayotgan biznesni kengaytirish uchun 2 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi.

Bitiruvchilar bandligini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Kamida besh nafar ta’lim muassasasi bitiruvchisini ishga qabul qilgan tadbirkorlarga 10 mlrd so‘mgacha kredit olish imkoniyati yaratiladi. Bu chora yoshlar bandligini oshirish va ularning iqtisodiyotga integratsiyasini tezlashtirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, mamlakat rahbari topshirig‘iga muvofiq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Mening birinchi kasbim” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Dastur oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘rtasida tanlov asosida amaliyot tashkil etishni nazarda tutadi. Ishtirokchilarga oyiga 2 mln so‘mgacha to‘lov belgilanadi. Mexanizm yosh mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish va mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, boshlovchi tadbirkorlarning qariyb 30 foizi biznes boshqaruvi, moliyaviy rejalashtirish va marketing sohasidagi bilim yetishmasligi sababli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shu munosabat bilan hududlarda “Yoshlar biznes inkubatori” markazlari tarmog‘i tashkil etiladi. Ushbu markazlar tadbirkorlik asoslarini o‘qitish, biznes-reja tuzish, buxgalteriya, bank mahsulotlari, soliqqa tortish, marketing strategiyalari va ichki hamda tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha kompleks ko‘mak ko‘rsatadi.

2026-yilda inkubatorlar Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahrida ishga tushiriladi. 2027-yilda esa respublikaning boshqa hududlarida ham shunday markazlar tashkil etiladi.

“Kеlajak tadbirkori” dasturi yoshlarning ishbilarmonlik faolligini oshirish, bitiruvchilar o‘rtasida ishsizlik darajasini kamaytirish hamda kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Yangi qo‘llab-quvvatlash choralari barqaror tadbirkorlik muhitini shakllantirish va hududlarning uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan.

Пресса.uz
Pressa.uz