O‘zbekiston Xayrullo Ibadullayevning vatanga qaytishini ta’minladi

O‘zbekiston Xayrullo Ibadullayevning vatanga qaytishini ta’minladi Jamiyat

Qashqadaryo viloyatida tug‘ilib o‘sgan Xayrullo Ibadullayev yaqin kunlarda yurtiga qaytadi. Uning O‘zbekistonga parvozi uchun aviachiptani davlat rasmiylashtirib berdi.

Ma’lum qilinishicha, yo‘l hujjati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan taqdim etilgan. Idora vakillari bu qaror xorijda murakkab vaziyatga tushib qolgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash doirasida qabul qilinganini bildirgan.

Agentlik mas’ullari Ibadullayevning oila a’zolari bilan ham uchrashgan. Turmush o‘rtog‘i Gullo Safarova uning yaqinda boshidan kechirgan voqealari, xususan, bolani qutqarish chog‘ida qo‘lidan jarohat olganini eslatib, hozir ular uchun eng muhimi — uning sog‘-omon holda uyga qaytishidir, deya ta’kidlagan.

Avvalroq Xayrullo Ibadullayev Sankt-Peterburg shahrida yetti qavatli uy derazasidan yiqilib tushayotgan yetti yoshli bolani saqlab qolgan edi. Mazkur jasorat ikki davlatda ham e’tirof etildi: O‘zbekistonda u “Jasorat” medali bilan taqdirlandi, Rossiyada esa “Qutqaruvdagi mardlik uchun” ko‘krak nishoni, esdalik soati va 1 million rubl mukofot topshirildi.

Hozir esa asosiy yangilik — uning vatanga qaytishi. Davlat tomonidan ajratilgan aviachipta tufayli Ibadullayev yaqinlari bag‘riga, tug‘ilib o‘sgan yurtiga qaytish imkoniga ega bo‘ldi.

Пресса.uz
Pressa.uz