Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv mintaqadagi fuqarolik aviatsiyasi qatnovlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. O‘zbekiston aviakompaniyalari ziyoratchilar va sayyohlar bilan amalga oshirilayotgan bir qator reyslarni xavfsizlik nuqtai nazaridan ortga qaytarmoqda.
28-fevral kuni Isroil Eron hududlariga, jumladan Tehronga havo zarbalari bergani, Eron esa Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi harbiy obyektlarga javob hujumlari uyushtirgani haqida xabarlar tarqaldi. Shundan so‘ng Eron, Iroq, Isroil va Iordaniya havo hududi yopildi.
Uzbekistan Airways hamda Qanot Sharq ma’lumotiga ko‘ra, Dubayga yo‘l olgan ayrim reyslar Toshkentga qaytgan. Saudiya Arabistoniga Umra ziyoratiga ketayotgan bir nechta bortlar ham ortga yo‘naltirilgan. Aviakompaniyalar Fuqaro aviatsiyasi agentligi bilan birga muqobil yo‘nalishlarni ishlab chiqmoqda.
Bekor qilingan reyslar yo‘lovchilariga chipta pullari to‘liq qaytarilishi yoki 6-martgacha boshqa sanaga bepul ko‘chirish imkoniyati taqdim etiladi. Toshkent xalqaro aeroporti kuchaytirilgan axborot rejimiga o‘tkazilgan.








