Kun.uz tahririyatiga Farg‘ona shahridan ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. Unda 20-fevral kuni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga borgan bolalarning sog‘lig‘i keskin yomonlashgani haqida xabar berilgan.
Ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, bog‘cha tarbiyalanuvchilarida o‘tkir ichak infeksiyasiga xos alomatlar — yuqori harorat, ko‘ngil aynishi, qusish va ich ketishi kuzatilgan. Bolalarning bir qismi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan.
Maktabgacha ta’lim muassasalaridan birining rahbari kamida besh nafar tarbiyalanuvchi shifoxonaga yotqizilganini tasdiqladi. Uning aniqlik kiritishicha, bog‘chalarga ovqat yetkazib berish Quvasoy shahridagi Garden Catering Trade kompaniyasi tomonidan autsorsing asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga rasmiy izoh olish maqsadida borgan jurnalist qator qiyinchiliklarga duch kelgani ma’lum bo‘ldi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, OAV vakili shifoxonaga yotqizilgan bolalarning ota-onalari bilan muloqot qila olmagan.
Mazkur holat yuzasidan mas’ul idoralar tomonidan hozircha rasmiy tushuntirish berilmadi.








