Agressiv haydovchilikni targ‘ib qiluvchi akkauntlar bloklanadi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti rahbari ma’lum qildi. Internet tarmog‘ida va yo‘llarda nazorat kuchaytirilmoqda.
Toshkentda BMW boshqargan maktab o‘quvchisi YPX inspektorini urib yuborgan fojiali hodisadan so‘ng respublika bo‘ylab keng ko‘lamli reydlar boshlandi. Mazkur masala 3 mart kuni poytaxt YHXBda o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi. Unda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i, general-mayor Rustam Juraev raislik qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 26 fevraldan 3 martga qadar ijtimoiy tarmoqlarda agressiv haydovchilik aks etgan 107 ta videorolik aniqlangan. Ushbu materiallar asosida 66 nafar haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi, 62 ta avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Ko‘cha reydlari davomida esa 6 kun ichida 5919 ta qo‘pol qoidabuzarlik qayd etilgan. Ularning barchasiga nisbatan choralar ko‘rilib, transport vositalari jarima maydonchasiga qo‘yilgan. Asosiy qoidabuzarliklar orasida noqonuniy poygalar, xodim talabiga bo‘ysunmaslik, ruxsatsiz tonirovka, noqonuniy signal va mayoqchalar o‘rnatish, davlat raqamisiz boshqarish holatlari bor.
Qayd etilishicha, qoidabuzarlar orasida 54 nafar voyaga yetmagan shaxs ham aniqlangan.
Shuningdek, texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida o‘rganishlar o‘tkazilib, o‘nlab rahbar va xodimlar bilan profilaktik suhbatlar olib borilgan. DYPX va PPS xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari va sovuq qurolni noqonuniy saqlash bilan bog‘liq holatlar ham fosh etilgan.
Vazirlik ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va videoxosting platformalarida doimiy monitoring yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Yo‘l harakati qoidalarini buzishni, noqonuniy poyga, drift va xavfli manevrlarni targ‘ib qiluvchi materiallarni joylashtirgan shaxslar qonunchilik asosida javobgarlikka tortiladi. Agressiv haydovchilikni targ‘ib qiluvchi akkauntlar bloklanadi.
Idorada tungi reydlarni kuchaytirish, statsionar va mobil postlar samaradorligini oshirish hamda blogerlar va qo‘pol qoidabuzar haydovchilar bilan profilaktik ishlarni faollashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilanganini qo‘shimcha qildi.
Reyd tadbirlari respublika bo‘ylab davom etmoqda.








